O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevTermiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetiga tashrif buyurib, energetika sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi bilan tanishdi.
Universitet rahbariyati va sohaga mas’ul tashkilotlar rahbarlari ishtirokidagi muloqotda dual ta’lim tizimini kengaytirish, talabalarning ishlab chiqarish korxonalaridagi amaliy tayyorgarligini kuchaytirish hamda soha korxonalari bilan hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, universitetdagi Energiya auditi markazining malakali kadrlar tayyorlash va energiya samaradorligini oshirishdagi o‘rni yuqori baholandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida universitetda energetika sohasi uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash ishlari jadallashtirilmoqda. Xususan, yangi o‘quv yilidan 3-bosqich talabalarining kamida yarmi va 4-bosqich talabalarining barchasini dual ta’lim tizimiga qamrab olish rejalashtirilgan.
Muloqot yakunida mas’ul idora va tashkilotlar rahbarlariga universitet bilan hamkorlikni kengaytirish, dual ta’limni samarali tashkil etish hamda tarmoq uchun malakali muhandis kadrlar tayyorlash yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
