Bugun Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev raisligida kengaytirilgan apparat yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda prorektorlar, bo‘lim boshliqlari, fakultet dekanlari va kafedra mudirlari ishtirokida ta’lim sifati, innovatsiya va yoshlar bandligiga oid muhim vazifalar muhokama qilindi.

​Yig‘ilish avvalida rektor tizimda shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish masalasiga to‘xtalib, barcha xodimlarni ogohlikka chaqirdi. Shundan so‘ng, 2024-2025-o‘quv yili bitiruvchilarining bandligini ta’minlash maqsadida har bir yoshga professor-o‘qituvchilarni biriktirish hamda soha tashkilotlari bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

​Ilmiy sohada 2025-yil sarhisobi va 2026-yilgi rejalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, “Spin-off” korxonalarini ko‘paytirish va shanba kunini “Startaplar kuni” deb e’lon qilish tashabbusi ilgari surildi. Kimyo va Atrof-muhit muhandisligi yo‘nalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish va iqtidorli talabalarni maqsadli tayyorlash yuzasidan mas’ullarning hisobotlari tinglandi.

​Shuningdek, universitetda kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida har bir kafedrada “Book Cafe”lar tashkil etish va xodimlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini o‘tkazish belgilandi. Tadbir yakunida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ijro intizomini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.